9-mart kuni inson huquqlari himoyachilari dunyo bo'ylab 120 ming kishining imzosi qo'yilgan xatni Jahon bankiga eltib, bu tashkilotdan O'zbekiston hukumatiga kredit bermaslikni so'radi. Bank maktubni qabul qilar ekan, uni jiddiy ko'rib chiqishini bildirdi. Toshkentdan hozircha biror bayonot yo'q. O'zbekiston paxta dalalarida odamlar majburan ishlatilishi ortida hukumatning o'zi turibdi va bu siyosatga butkul chek qo'yilmagunicha kredit berilmasin, deya talab qilmoqda "Paxta kampaniyasi" nomli xalqaro koalitsiya. Jahon banki rasmiylari faollar bilan muloqotda shuni qayd etdiki, majburiy mehnat masalasiga ko'z yumilmaydi, har bir dollar o'ylab ajratiladi.
Koalitsiya a'zosi O'zbekiston-Germaniya Inson huquqlari forumi 2015-yildagi paxta terimi xususida hisobot chiqargan. Unda bir milliondan ortiq fuqaro o'tgan yili zo'rlab ishlatilganini isbotlovchi dalillar keltiriladi. "Paxta kampaniyasi" AQSh poytaxtida yig'ilib, o'z oldidagi vazifalarni muhokama qildi. Faollar AQSh hukumati rasmiylari bilan gaplashib oldi, shuningdek, qator xalqaro organlar, bizneslar va nohukumat tashkilotlar bilan. Bu uchrashuvlarda bir necha o'zbekistonlik ham qatnashdi. Ulardan biri Ulug'bek Ashur, mustaqil jurnalist, Kanadada yashaydi. Vatandan bir necha yil oldin siyosiy bosim ostida chiqib ketgan. Ulug'bek Ashur bilan nafaqat majburiy mehnat va "Paxta kampaniyasi" balki xorijdagi vatandoshlar xususida ham muloqot qildik.