O'zbekiston va Qo'shma Shtatlar orasidagi bu yilgi maslahat kengashi Vashingtonda 19-yanvar kuni o'tdi.
Toshkentdan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyada Adliya vaziri Muzraf Ikromov, Oliy Majlisdan Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Sodiq Safoyev, O'zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari va Qonunchilik palatasi a'zosi Akmal Saidov, shuningdek, Mudofaa vazirligi va prezident apparatidan bir necha yuqori lavozimli rasmiylar keldi.
"Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Afg'onistondagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik - asosiy mavzular. Tashqi ishlar vaziri Komilov AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Nisha Bisvol va boshqa yuqori mansabdorlar bilan muloqot qildi.
O'zbekistonlik rasmiylar AQSh Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda boshqa departamentlarda tegishli mansabdorlar bilan uchrashdi.
Yillik maslahat kengashiga Obama ma'muriyati 2009-yilda asos solgan. Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan muntazam dialog yo'lga qo'yilib, unda xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, huquq va demokratiya targ'iboti hamda madaniy aloqalar to'g'risida yuzma-yuz gaplashib olinadi. Muloqot matbuot uchun yopiq.
Butun e'tibor Afg'oniston yuzasidan hamkorlik va xavfsizlikni ta'minlashda, respublikada erkinlik bilan bog'liq masalalar chetda qolib ketdi degan tanqid kuchli. Bu tanqid nafaqat O'zbekiston jamoatchiligi va chet eldagi muhojirlar orasida, balki Amerika ilmiy va siyosiy doiralarida ham quloqqa chalinadi.
Oq uy va tashqi siyosat amaliyoti uchun mas'ul Davlat departamenti, shuningdek, Mudofaa vazirligi o'tgan yillar ichida O'zbekiston bilan munosabatlarda notinch Afg'oniston birlamchi omil bo'lganini rad etmaydi. Lekin rasmiylar boshqa yo'nalishlar, xususan, huquq targ'ibotiga ham ahamiyat katta deya ishontirishga urinadi.
O'zbekiston pozitsiyasi shuki, Amerika bilan rishtalar o'zaro manfaatlarga asoslangan va hamkorlik tomonlarning xohish-irodasidan kelib chiqqan holda rivojlanib bormoqda.
Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning noyabr oyida Samarqandda Prezident Islom Karimov bilan muloqot qilgan. Markaziy Osiyoning besh davlatiga safar qilar ekan, mintaqa tashqi ishlar vazirlarini Samarqandda yig'ib, Kerri Markaziy Osiyoda integratsiya va iqtisodiy birdamlik ustuvor maqsad bo'lishi kerak deya undagan edi. Maxsus deklaratsiya ham qabul qilingan. Vashington bu tashabbusni targ'ib qilish bilan band.
AQShda prezident saylovlari yaqin. Obama ma'muriyatining oxirgi yilida munosabatlarda burilish kutmang, deydi tahlilchilar, kelasi oylar chala ishlarni bitirish bilan o'tadi.
Kongress 2003-yildan beri Davlat departamentiga O'zbekistonga harbiy yordam ko'rsatishni cheklab qo'ygan edi. 2016-yilgi sarf-xarajat bilan bog'liq hujjatlarda bu borada hech narsa deyilmagan, ya'ni respublika cheklovlardan xoli.
O'tgan uch yil mobaynida Davlat departamenti O'zbekiston AQSh xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o'ynayotgan mamlakat deya, har olti oyda maxsus ruxsatnoma olib, hamkor tomonga harbiy madad ko'rsatdi. Jumladan, 2015-yilda 300 dan oshiq zirhli mashina va 20 dan ziyod kichik turdagi chegarachi dronlar berdi.
Kongress nima uchun cheklovlarni olib tashladi degan savolga hozircha biror aniq javob olmadik. Senatda ko'pchilikni tashkil etgan respublikachilar qarorni tushuntirmagan.